Diqqat! Veb-sayt sinov rejimida ishlamoqda.

Markaz nizomi

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va ishlab chiqarishda mehnat unumdorligi tadqiqotlari markazi toʻgʻrisida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va ishlab chiqarishda mehnat unumdorligi tadqiqotlari markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, majburiyatlari, faoliyatini tashkil etish tartibi va hisobotini, shuningdek, Markaz rahbarlarining funksional majburiyatlari va javobgarliklarini belgilaydi.

2. Markaz mehnat unumdorligini sohasida tadqiqot ishlarini amalga oshiruvchi, tovarlarga boʻlgan talab va taklifning hajmlari hamda ishlab chiqariladigan va isteʼmol qilinadigan mahsulotlarning ichki bozordagi narxlari oʻzgarishi, shuningdek, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning xorijiy va mahalliy tendensiyalari tahlili natijalarini oʻrganuvchi vakolatli davlat muassasasi hisoblanadi.

Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga boʻysunadi.

3. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga, boshqa qonunchilik hujjatlari va ushbu Nizomga amal qiladi.

4. Markaz yuridik shaxs bo‘lgan davlat muassasasi hisoblanadi.

Markaz oʻzining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisobraqamlariga, shu jumladan chet el valyutasidagi hisobraqamlariga ega.

5. Markaz mulkini asosiy fondlar (uskunalar, transport vositalari va boshqalar), aylanma vositalar, shuningdek, moliyaviy resurslar va barcha moliyalashtirish manbalari hisobiga sotib olinadigan boshqa moddiy boyliklar tashkil etadi. Markaz mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladi.

Markaz oʻziga biriktirilgan mulkka egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish huquqini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.

Barcha tadqiqot materiallari, shuningdek, tuzilgan shartnomalarga muvofiq Markaz buyurtmasiga binoan boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilgan tadqiqotlar Markaz faoliyatining intellektual mulk obyektlari hisoblanadi.

Xoʻjalik, ilmiy-texnik faoliyatdan tushgan daromadlar, shuningdek, xayriya, homiylik mablagʻlari va begʻaraz tushumlar hisobiga sotib olingan mulk va vositalar Markaz mulki hisoblanadi.

6. Markazning rasmiy nomi:

a) davlat tilida:

toʻliq nomi – Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va ishlab chiqarishda mehnat unumdorligi tadqiqotlari markazi;

qisqa nomi – TBICHMUTM;

b) rus tilida:

toʻliq nomi – Центр исследований отраслевых рынков и производительности труда в производстве при Министерстве экономики и финансов Республики Узбекистан;

qisqa nomi – ЦИОРПТП;

v) ingliz tilida:

toʻliq nomi – The Research Center for Network Markets and Labor Productivity in Manufacturing under the Ministry of Economy and Finance of the Republic of Uzbekistan;

qisqa nomi – RCNMLPM.

7. Markazning joylashgan joyi: Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor koʻchasi, 4-uy, pochta indeksi 100115.

2-bob. Markazning tuzilmasi

8.Markazning tuzilmasini tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri tomonidan amalga oshiriladi.

9. Markazning maqsadi, vazifalari va funksiyalari

10. Markazning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan tadqiqot va tahlillar ishlab chiqishdan iborat.

11. Markazning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishni makro darajada tahlil qilish;

isteʼmol bozori tarmoqlarini rivojlantirishni tahlil qilish;

sanoat tarmoqlarini rivojlantirishni tahlil qilish;

xalqaro tajribalarni oʻrganish va reytinglar bilan ishlash;

iqtisodiyotda mehnat unumdorligini oshirish omillarini tahlil qilish.

12. Markaz oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

a) iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishni makro darajada tahlil qilish sohasida:

sanoat tarmoqlaridagi nomutanosibliklar, ishlab chiqarishga jalb etilmagan mineral-xomashyo, mehnat va ishlab chiqarish salohiyatini aniqlaydi, uning asosida mamlakatni istiqbolda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

mavjud mineral-xomashyo va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sanoat usulida chuqur qayta ishlash orqali yuqori qoʻshilgan qiymatli hamda raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish va shu asosida eksport qilinayotgan mahsulotlar hajmi va turlarini koʻpaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;

jahon iqtisodiyotida, shuningdek, Oʻzbekistonning strategik hamkor davlatlarida roʻy berayotgan iqtisodiy oʻzgarishlarni respublika manfaatlaridan kelib chiqib tahlil qilib boradi;

hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqarish kuchlarini samarali joylashtirish, hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanishni koʻzda tutuvchi respublika sanoatini rivojlantirish strategiyalarini (modellarini) ishlab chiqishda ishtirok etadi;

respublikaning import strukturasi tarkibini tahlil qilgan holda, ichki talabning import hisobidan qoplanayotgan qismini mahalliy mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) hisobidan qoplash imkoniyatlari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

tovar bozorlari oʻzgaruvchanligining ichki bozor va mahalliy ishlab chiqarishga taʼsirini baholaydi, ularning raqobat ustunliklarini, shuningdek, bozordagi vaziyatni belgilab beradigan sababli-oqibatli bogʻliqliklar va omillarni aniqlaydi.

b) isteʼmol bozori tarmoqlarini rivojlantirishni tahlil qilish sohasida:

isteʼmol bozorlaridagi narxlar dinamikasi, talab va taklifning oʻzgarishlari holati toʻgʻrisida tahliliy maʼlumotnomalar va konyunktura sharhlarini tayyorlaydi;

bozordagi tendensiyalarning oʻzgarishi yuzasidan monitoring oʻtkazadi va bozorlarni rivojlantirish borasidagi muammolar va xavflarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar tayyorlaydi;

respublika va hududlar boʻyicha tovarlarning strategik muhim turlari boʻyicha bozor konyunkturasi sharhini tayyorlaydi;

isteʼmol bozorini talab yuqori boʻlgan tovarlar bilan toʻldirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlaydi;

tanlanma kuzatuvlar asosida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va bozorlarda narxlarning keskin tebranishini oldini olish maqsadida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining bozorlardagi narxlarini doimiy monitoring qilib boradi;

ichki isteʼmol bozorida import tovarlariga boʻlgan talab va taklifni oʻrganadi, katta hajmda import qilinayotgan ayrim turdagi tovarlar bozori boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazadi va konyunktura sharhlarini tayyorlaydi.

v) sanoat tarmoqlarini rivojlantirishni tahlil qilish sohasida:

sanoat tarmoqlarining ishlab chiqarish salohiyatini, shu jumladan, eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishlarni tahlil qiladi va oʻrganadi;

sanoat tarmoqlarini hududlar bilan uzviy bogʻliqlikda rivojlantirish maqsadida mavjud xomashyo resurslari va ishlab chiqarish infratuzilmalari hamda ichki va tashqi bozorlar talablardan kelib chiqib, istiqbolli investitsiya loyihalarini joylashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;

tarmoq bozorlarini tartibga solishda yangi innovatsiya mexanizmlarini joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlashda ishtirok etadi;

yangi turdagi sanoat mahsulotini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan xomashyo bazasini oʻrganadi;

xomashyo resurslari bilan iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror taʼminlashda mavjud salohiyatdan samarali foydalanishni va yangi imkoniyatlarni aniqlashni nazarda tutuvchi yoʻnalishlar boʻyicha tahlillarni amalga oshiradi va takliflar tayyorlaydi;

xorijiy sanoat mahsulotlari bozorlaridagi joriy va istiqbolli strategik yoʻnalishlari tahlili asosida mahalliy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;

xorijiy va mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish tendensiyalari tahlili natijalari asosida davriy sharhlar tayyorlaydi;

hududlarda mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini tahlil qiladi hamda ularning samaradorligini oshirish boʻyicha tavsiyalar kiritadi;

quvvatlardan foydalanishda toʻsqinliklar va yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritadi.

g) xalqaro tajribalarni oʻrganish va reytinglar bilan ishlash sohasida:

iqtisodiy sohada turli integratsiya birlashmalari (MDH, YEOII va boshqalar) bilan hamkorlikning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollariga taʼsirini tahlil qiladi va hamkorlik aloqalarini kengaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

xalqaro savdo tashkilotlari va ittifoqlariga aʼzo boʻlishda, shuningdek, yetakchi xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda sanoat sohasining ular bilan integratsiya jarayonlarini tahlil qiladi;

mahsulotlar boʻyicha ichki ishlab chiqarish quvvatlari hamda mazkur mahsulotlarga nisbatan xorijiy bozorlardagi mavjud talabdan kelib chiqib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorga chiqish imkoniyatlari yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

xalqaro iqtisodiy reyting va indekslar bilan ishlashda ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda xulosalar tayyorlaydi.

d) iqtisodiyotda mehnat unumdorligini oshirish omillarini tahlil qilish sohasida:

mehnat unumdorligini oshirish bilan bogʻliq tadqiqotlarni amalga oshirish, uslubiy qoʻllanmalarni ishlab chiqish va joriy etishga tavsiyalar tayyorlash, shuningdek, mahalliy sanoat tarmoqlarida mehnat unumdorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish funksiyalarini amalga oshiradi;

ishlab chiqarish jarayonida jahonning ilgʻor tajribasi hamda energiya va resurs tejamkorligini taʼminlovchi yangi texnologiyalarni oʻrganish asosida tavsiyalar ishlab chiqadi;

Davlat ulushi mavjud strategik tarmoq va korxonalarda mehnat unumdorligini oshirishning zamonaviy mexanizm va yondashuvlarini qoʻllash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqishda ishtirok etadi;

ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, YAIMda energiya va boshqa ishlab chiqarish resurslari tejamkorligini oshirish, sof va ekologik xavfsiz texnologiyalarni sanoat jarayonlarida qoʻllash, mahsulot tannarxini kamaytirishda zamonaviy mexanizm va yondashuvlarning qoʻllanilishi boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqishda ishtirok etadi.

3-bob. Markazning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi

13. Markaz zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

tovar bozorlari koʻrsatkichlari, respublikada ishlab chiqarilayotgan va import qilinadigan mahsulot (tovarlar va xizmatlar) nomenklaturasi va turlari toʻgʻrisidagi zarur axborotni toʻplash va unga qayta ishlash, shuningdek, Markaz veb-saytida joylashtirish;

ayrim tovar bozorlari, shuningdek, iqtisodiyotda mehnat unumdorligini oshirish omillarini oʻrganish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, zarur maʼlumotlarni toʻplash va umumlashtirish;

tashkilotlar va aholi oʻrtasida intervyu oluvchilar hamda javob beruvchilarni shartnoma asosida jalb qilgan holda, soʻrovnoma va boshqa ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish;

tovarlarga boʻlgan talab va taklifning hajmlari, shuningdek, ishlab chiqariladigan va isteʼmol qilinadigan mahsulotlarning ichki bozordagi narxlari oʻzgarishini oʻrganib borish;

ayrim tarmoq bozorlarini muvozanatli rivojlantirish, shuningdek, sanoat tarmoqlarining ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish boʻyicha prognoz-tahliliy materiallar, konyunktura sharhlari va takliflar tayyorlash;

Markaz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha tayyorlaydigan iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarini rivojlantirish boʻyicha prognoz-tahliliy materiallar, kompleks va maqsadli dasturlar ishlab chiqishda ishtirok etish;

Markaz faoliyatiga taalluqli masalalar boʻyicha respublika va xorijiy mamlakatlarning ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va oʻzaro kelishuv asosida tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan innovatsion loyihalarda ishtirok etish;

grantlar, shu jumladan xalqaro tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish;

toʻlov asosida tuzilgan shartnomalarga muvofiq, ishlab chiqarilgan mahsulotlar (tovar va xizmatlar)ning mahalliylashtirilganlik darajasi haqida sertifikat (maʼlumotnoma) berish, shuningdek, vazirliklar va xoʻjalik subyektlarining buyurtmalariga asosan Markaz faoliyatidan kelib chiqadigan marketing va konyunktura tadqiqotlari hamda oʻqitish,  maslahat, axborot va boshqa xizmatlarni koʻrsatish;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida Markaz faoliyatini yaxshilashga yordam beradigan filiallar tashkil etish;

Markazga yuklangan vazifalarini bajarish doirasida uning faoliyati uchun zarur boʻlgan texnik vositalar, uskunalar, nou-xau va boshqa mahsulotlarni sotib olish;

mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan marketing va konyunktura tadqiqotlarini amalga oshirish boʻyicha shartnomalar tuzish;

Markaz mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini (shu jumladan xorijiy mamlakatlarda) oshirish;

Markaz faoliyati doirasida konferensiyalar, oʻquv seminarlari, simpoziumlar va davra suhbatlarini oʻtkazish yoki ularda ishtirok etish;

Markaz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha noshirlik faoliyatini amalga oshirish va ommaviy axborot vositalarida tahliliy materiallarni tarqatish.

Markaz qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

14. Markaz oʻziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning sifatli bajarilishi, shuningdek, tarmoq va isteʼmol bozorlari hamda mehnat unumdorligini oshirish boʻyicha sharhlar va tahliliy materiallarning belgilangan muddatlarda tayyorlanishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi uchun va boshqa tashkilotlarning buyurtmasiga koʻra bajariladigan tahliliy ishlanmalarning sifat darajasi va ilmiy asoslanganligi uchun javobgardir.

4-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish

15. Markazga Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

16. Markaz direktori maqomi va mehnatga haq toʻlash shartlari, tibbiy
va transport taʼminoti sharoitlari boʻyicha Iqtisodiyot va moliya vazirligining departamenti direktoriga tenglashtiriladi.

17. Markaz direktori barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda Markazni ifoda etadi.

18. Markaz direktori:

yakkaboshchilik asosida Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi hamda Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;

Markaz xodimlarining asosiy faoliyat yoʻnalishlari va shaxsiy javobgarlik darajasini belgilaydi, oʻz vakolatlari doirasida xodimlar uchun bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi;

belgilangan tartibda ishga qabul qilish va Markaz xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish ishlarini amalga oshiradi, shuningdek, ularning samarali mehnat qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, Markazning kadrlar zaxirasini shakllantiradi;

Markazning tarkibiy tuzilmalari toʻgʻrisidagi Nizomlarni va uning xodimlari lavozim yoʻriqnomalarini tasdiqlaydi;

qonun hujjatlariga muvofiq Markaz xodimlariga ajratilgan mablagʻlar doirasida qoʻshimcha pul, mukofot va boshqa pullarni toʻlash tartibi va shartlarini belgilaydi;

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ijro etish muddatlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlaydi;

Markaz faoliyatining rejalashtirilishini tashkil etadi, Markazning choraklik ish rejalarini tasdiqlaydi, ularning bajarilishining nazoratini taʼminlaydi;

ushbu Nizom hamda boshqa qonun hujjatlari bilan oʻziga yuklangan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi, shuningdek, Markaz ishidagi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;

amalga oshirilayotgan dasturlar, strategiyalar va konsepsiyalar boʻyicha kutilgan natijalarga erishilishi hamda Markazning ijro intizomiga ogʻishmay rioya etilishi uchun javob beradi.

Markaz direktori amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar va majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.

5-bob. Markaz faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlari

19. Markazning samaradorligi muntazam ravishda baholanadi.

20. Markaz faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash quyidagi asosiy mezonlarga asoslanadi:

a) Markaz direktori faoliyati Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida baholanadi;

b) tarkibiy boʻlinmalar boshliqlari va boshliq oʻrinbosarlari, shuningdek, Markaz xodimlarining faoliyati Markaz direktori tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida baholanadi.

Markazning tarkibiy tuzilmalari faoliyatining samaradorligini baholashning qoʻshimcha mezonlarini belgilashi mumkin.

21. Markaz faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari boʻyicha:

Markaz rahbari, tarkibiy tuzilmalari rahbarlari va xodimlariga nisbatan ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlik choralari;

Markazning faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish choralari qabul qilinadi.

7-bob. Markazning hisobdorligi

22. Direktor Markaz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga oʻrnatilgan tartibda hisobot beradi.

23. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaz faoliyatini unga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi yuzasidan monitoring qilib boradi hamda Markaz faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.

24. Monitoring va baholash yakunlari boʻyicha Markaz rahbariyati hamda alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlari ragʻbatlantiriladi yoxud yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

25. Monitoring va baholash yakunlari boʻyicha Direktor Markaz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga oʻrnatilgan tartibda hisobot beradi.

8-bob. Yakunlovchi qoida

26. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.