Joriy yilning 20–22-may kunlari Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida Osiyo mehnat unumdorligi tashkiloti (Asian Productivity Organization — APO) Boshqaruv organining 67-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu xalqaro tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va ishlab chiqarishda mehnat unumdorligi tadqiqotlari markazi direktori Dilshod Abidov va boshqa tegishli vakillar kuzatuvchi sifatida ishtirok etishmoqda.
Sessiyaning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
“Green Productivity 2.0” (GP 2.0) ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarni ratifikatsiya qilish;
aʼzo mamlakatlarning barqaror rivojlanish va mehnat unumdorligini oshirish borasida amalga oshirgan faoliyatini baholash;
APOning istiqboldagi faoliyat yo‘nalishlari va yangi tashabbuslarini muhokama qilish.
Mazkur sessiya, APO aʼzolari o‘rtasida tajriba almashish, barqaror iqtisodiy o‘sish, samaradorlikni oshirish va institutsional hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan platforma sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot uchun: Osiyo mehnat unumdorligi tashkiloti (APO) – bu Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlar hukumatlari o‘rtasida iqtisodiy rivojlanish va barqaror o‘sishni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan muhim mintaqaviy tuzilma hisoblanadi. Bugungi kunda tashkilotga 21 davlat a’zo sanaladi.
O‘zbekiston hozircha APOga aʼzo emas. Biroq, mamlakatning APO faoliyatida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi va yaqin kelajakda to‘laqonli aʼzo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani, hamkorlikning bosqichma-bosqich kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
APO o‘z a’zolariga quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatadi: milliy siyosat bo‘yicha maslahatlar berish, institutsional salohiyatni rivojlantirish, tahliliy markaz sifatida faoliyat yuritish hamda mintaqa mamlakatlarida samaradorlikni oshirish maqsadida bilim va tajriba almashish platformasini taqdim etish.
Ushbu sessiya O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy hamkorlikdagi faol ishtirokini kengaytirish, milliy unumdorlik tizimini rivojlantirish hamda barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishda muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.